Yangiliklar

Kollejimizdagi so‘nggi voqealar, e’lonlar va o‘quv jarayonidagi yangilanishlar bilan tanishing.

image news

Dang‘ara tuman 1-son Politexnikumida “Ustoz va murabbiylar kuni” tantanali tarzda nishonlandi !

2025-yil 30-sentabr kuni Dang‘ara tuman 1-son Politexnikumida 1-oktabr – “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan keng ko‘lamli bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasining “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi deputati Muhammadjon Valiyev, Dang‘ara tumani “Adolat” partiyasi deputati Obidjon Dehqonov, shuningdek, ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida yosh avlod tarbiyasiga katta hissa qo‘shgan faxriy ustozlar va mehmonlar ishtirok etdilar.

Tadbirni ochib bergan politexnikum rahbari Numanov Z. barcha ustoz va murabbiylarni bayram bilan samimiy tabriklab, ularning mehnati va fidoyiligini yuksak e’tirof etdi. So‘zga chiqqan mehmonlar ham ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan ustozlarga minnatdorlik bildirib, yoshlar kamoloti yo‘lidagi xizmatlarini yuksak baholadilar.

Bayram dasturi davomida o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, she’r va qo‘shiqlar, shuningdek, raqs chiqishlari ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi. Tadbirda o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan bir qator ustozlar faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar.

Faxriy ustozlar yoshlarga o‘z tajribalari, hayotiy maslahatlari bilan o‘rnak bo‘ldilar. Ular ta’lim-tarbiya jarayonida ustozning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlab, yosh o‘qituvchilarni ilmga, yangilikka intilishga undadilar.

Tadbir “Ustoz – nur, murabbiy – yo‘l ko‘rsatuvchi” shiori ostida o‘tkazilib, jamoada iliq muhit, samimiyat va ehtirom ruhini yanada kuchaytirdi. Ushbu bayramona tadbir Dang‘ara tuman 1-son Politexnikumida ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash, pedagoglarning jamiyatdagi nufuzini oshirish va ta’lim tizimida yangicha ruh bag‘ishlashga xizmat qildi.